Yazd viloyati cho‘l mintaqasida joylashgan bo‘lib, Shimoliy yarimsharning quruq va yarim quruq iqlim mintaqasi tarkibiga kiradi. Ushbu viloyat keng vodiyda, Shirkuh va Xaronoq tog‘ tizmalari oralig‘ida joylashgan.
Xaronoq — Yazd viloyatining Ardakan tumanidagi qishloqlardan biri bo‘lib, uning iqlimi issiq va quruqdir. Bu tuman turli jihatlardan muhim strategik ahamiyatga ega. Bu yerda Chodarmalu temir rudasi koni, Sag‘and uran koni, shuningdek, barit, rux va granit konlari mavjud. Bundan tashqari, Darre-ye Anjir qo‘riqxonasi ham shu hududda joylashgan. Qo‘riqxonada echki, qo‘y, burama shoxli yovvoyi qo‘y, yovvoyi mushuk, silovsin, gepard va yo‘rg‘a tuvaloq kabi hayvonlar yashaydi. Ushbu tabiiy boyliklar Ardakanni Yazd viloyatining o‘ziga xos tumanlaridan biriga aylantirgan.
Xaronoq Ardakan shahridan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qadimiy tarixga ega ushbu qishloq boy madaniy meros majmuasiga ega. Xaronoq nomi «Xurnoq» yoki «Xuronoq» so‘zlarining o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan, deb hisoblanadi. Bu nom «quyosh tug‘iladigan joy» yoki «quyosh chiqadigan maskan» ma’nolarini anglatadi.
Qishloqda qal’a, hammom, karvonsaroy, suv ombori va masjid kabi ko‘plab tarixiy yodgorliklar mavjud. Biroq Xaronoqning Eronda o‘xshashi bo‘lmagan eng diqqatga sazovor sayyohlik obyektlaridan biri ikki maqsadda foydalanilgan suv o‘tkazuvchi ko‘prikdir. U suvni yetkazib berish bilan birga, piyodalarning daryodan o‘tishi uchun ham xizmat qilgan. Shunga qaramay, ko‘prikni qurganlarning asosiy maqsadi suvni bir tomondan ikkinchi tomonga o‘tkazish bo‘lgan.
Xaronoq ko‘prigining tarixi
Bir necha ming yillik tarixga ega suv uzatish inshootlari bo‘lgan qanotlar va ularning tarmoqlarini hisobga olmaganda, Xaronoq ko‘prigi Yazd viloyatidagi eng qadimiy suv uzatish inshootlaridan biri hisoblanadi. Unda suvni o‘tkazish usuli mahalliy xususiyatga ega bo‘lib, o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Mutaxassislarning fikricha, ko‘prikning poydevori Saljuqiylar davrida, ya’ni XI asrda qurilgan. Uning yuqori qismlari esa Qojarlar davriga, ya’ni XIX asrga taalluqlidir.
Biroq Xaronoqning keksa aholisi orasida saqlanib qolgan rivoyatlarga ko‘ra, ko‘prikning yuqori qismi bundan bir asrdan ko‘proq vaqt oldin sel oqibatida qulab tushgan va Qojarlar davrida qayta tiklangan. Qayta qurish jarayonida muhandislik tamoyillariga rioya qilingan va «Shotargulu» deb nomlangan yangi inshoot qo‘shilgan. Natijada ko‘prik yanada takomillashgan va samarali shaklga ega bo‘lgan.
Mahalliy aholi Xaronoq ko‘prigi majmuasini «Obbare-ye Kal» yoki «Estro ko‘prigi» deb ham ataydi. Mahalliy lahjada «obbore» so‘zi «suv o‘tkazgich» ma’nosini anglatadi. «Kal» esa ko‘prik yo‘nalishida joylashgan mavsumiy daryoning nomidir.
«Estro» atamasi ham mahalliy aholi tomonidan daryoning narigi tomonidagi yerlarga nisbatan ishlatilgan. Estro ko‘prigi esa odamlar daryoning narigi tomoniga, ya’ni Estro hududiga o‘tishlari mumkin bo‘lgan yo‘l vazifasini bajargan.
Ko‘prikdagi Shotargulu suv oqimi natijasida yuzaga kelgan tabiiy eroziya shakliga o‘xshaydi. Ushbu inshootning tuzilishi suvdagi cho‘kindilarni tozalashga va ko‘prik orqali yanada tiniq suv oqib o‘tishiga yordam beradi.
Xaronoq ko‘prigining me’morchiligi va xususiyatlari
Ushbu ko‘prik g‘ishtdan qurilgan. G‘ishtdan foydalanish uning mustahkamligini ta’minlagan omillardan biri hisoblanadi.
Ko‘prik tayanchlarida ishlatilgan g‘ishtlar qizil rangda bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan yemirilgan. G‘ishtlar orasidagi bo‘shliqlar saruj deb ataladigan an’anaviy qurilish qorishmasi bilan to‘ldirilgan. Tayanchlar bir necha qatlam tosh ustiga qurilgan.
Ko‘prikning yuqori qismidagi g‘ishtlar esa sariq rangda. Ularning keyinroq ishlatilganini rangiga qarab ham oson aniqlash mumkin.
Ko‘prik tayanchlaridagi g‘ishtlarning o‘lchami 25 × 25 × 5 santimetr, yuqori qismidagi g‘ishtlarning o‘lchami esa 20 × 20 × 5 santimetrni tashkil etadi.
Ko‘prik to‘rtta ravoq va uchta tayanchdan iborat. Uning uzunligi 40 metr, eni 510 santimetr, balandligi esa 570 santimetrdir.
Ko‘prikning qiyaligi taxminan ikki foizni tashkil etadi. Aynan shu qiyalik suv oqimini kerakli yo‘nalishga boshqarish imkonini beradi.
Bugungi kunda ham yomg‘ir yog‘gan paytlarda ushbu ko‘prik suvni bir tomondan ikkinchi tomonga o‘tkazishda davom etmoqda.
Xaronoq ko‘prigining milliy meros ro‘yxatiga kiritilishi
Xaronoq suv o‘tkazuvchi ko‘prigi va Shotargulu inshootidan iborat majmua 2014-yilda (1393-hijriy-shamsiy yilda) Eron milliy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.