Insoniyat dehqonchilik sirlarini o‘zlashtirgan davrdan boshlab, o‘zining go‘zallikka intiluvchi tabiati bilan manzarali gullar va o‘simliklarni yetishtirishga ham e’tibor qarata boshlagan. Bugungi kunda dunyoning ko‘plab shaharlarida turli xil gullarni yetishtirish va namoyish etish uchun maxsus bog‘lar mavjud. Eronning g‘arbida joylashgan Kirmonshoh shahrida ham «Kirmonshoh gul bog‘i» nomli katta bog‘ faoliyat yuritadi. Bugungi kunda gul bog‘i Kirmonshohning mashhur diqqatga sazovor joylaridan biri hisoblanadi va har yili ko‘plab sayyohlar uni tomosha qilish uchun ushbu shaharga tashrif buyuradi.
Kirmonshoh gul bog‘ining geografiyasi va tarixi
Kirmonshoh gul bog‘ini barpo etish g‘oyasi ilk bor 2012-yilda (1391-yil, hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha) ilgari surilgan. Ikki yil davom etgan qurilish ishlari yakunlangach, bog‘ foydalanishga topshirilgan. Kirmonshohning geografik joylashuvi va Zagros tog‘ tizmasi yonida joylashgani ushbu gul bog‘ining tashkil etilishiga sabab bo‘lgan omillardan biridir. Shahar mo‘tadil tog‘ iqlimiga ega bo‘lib, tarix davomida Eron hukmdorlari va podshohlarining mavsumiy qarorgohi sifatida e’tibor qozongan. Shu sababli tarixiy manbalarda Kirmonshoh Sosoniylar podshohlarining (milodiy III–VII asrlar) qirollik qarorgohlaridan biri sifatida tilga olinadi.
Kirmonshohda havoning o‘rtacha yillik harorati 14 daraja Selsiyni, o‘rtacha yillik yog‘in miqdori esa 456,8 millimetrni tashkil etadi. Iqlim sharoiti va havoning nisbiy namligi Kirmonshoh atrofidagi hududlarning yaylovlar va o‘rmonlar bilan qoplanishiga sabab bo‘lgan. Kirmonshohning to‘rt tomonida baland tog‘lar joylashgan. Ularning eng balandi — 3357 metrli Parov tog‘idir.
Kirmonshoh gul bog‘ining umumiy maydoni 5,3 gektarni tashkil etadi. Bog‘da katta favvorali suv havzasi qurilgan. Ushbu suv havzasi va uning ulkan favvorasi «Eron bog‘i»ning eng muhim unsurlaridan birini yodga soladi. Bugungi kunda Eron bog‘lari butun dunyoga yaxshi tanilgan va ularning ayrim namunalari YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Kirmonshoh gul bog‘i shunday loyihalashtirilganki, go‘yo yer yuziga ulkan o‘lchamdagi bir surat chizilgandek taassurot uyg‘otadi.
Kirmonshoh gul bog‘ining turli qismlari
Kirmonshoh gul bog‘ining turli qismlarida Eron, Yaponiya, Fransiya va Italiyaga xos gullar hamda o‘simliklar yetishtiriladi. Agar ushbu bog‘ga tashrif buyursangiz, turli mamlakatlarga mansub qariyb to‘rt ming turdagi o‘simlikni tomosha qilish imkoniga ega bo‘lasiz. Ular orasida 300 turdagi buta va 100 turdagi kaktus ham bor. Bog‘da foydalaniladigan urug‘larning aksariyati Gollandiyadan keltirilgan.
Kaktuslar ko‘rgazmasi, bir nechta kichik hovuz, maysazorli tepaliklar, mavsumiy gullar, akvarium, toshloq bog‘ va ingliz bog‘i Kirmonshoh gul bog‘ining boshqa diqqatga sazovor qismlari hisoblanadi. Bog‘ning turli joylarida sayyohlarning to‘xtab dam olishi uchun ayvonchalar qurilgan. Ushbu sokin ayvonchalarda o‘tirib, bog‘ning rang-barang gullarini tomosha qilish yoqimli va unutilmas taassurot qoldiradi.
Kirmonshoh gul bog‘ida ikkita bino ham mavjud. Ulardan biri bog‘ning «ko‘shk»i, ikkinchisi esa o‘quv majmuasidir. O‘quv majmuasida o‘simliklarning turli turlarini to‘plash va ular ustida ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan bog‘liq faoliyat amalga oshiriladi. Kirmonshoh gul bog‘ini tashkil etishdan asosiy maqsad atrof-muhitni muhofaza qilish madaniyatini yuksaltirish bo‘lganini hisobga olib, bolalar uchun ham maxsus hudud tashkil etilgan. Bu yerda bolalar bog‘ga tashrif buyurish orqali atrof-muhitni asrash qoidalarini o‘rganishlari mumkin.
Gul bog‘i shaharning janubi-g‘arbiy qismida, «Kirmonshoh aylanma yo‘li» deb ataladigan yo‘nalishda, Sino shifoxonasi ro‘parasida joylashgan. Bog‘ sayyohlarni bepul qabul qiladi. Tashrif buyuruvchilar soni ko‘payadigan ayrim kunlarda sayyohlik yo‘lboshchilari bog‘dagi gullar va o‘simliklar haqida ma’lumot hamda tushuntirishlar beradi.
«Sadaf qushlar bog‘i» va «Shirin bog‘i» kabi boshqa ko‘ngilochar maskanlarning yaqin joylashgani ham gul bog‘iga tashrifni yanada maroqli qiladi. Ular orasida Kirmonshoh gul bog‘idan taxminan 800 metr uzoqlikda joylashgan Sadaf qushlar bog‘i alohida e’tiborga loyiq. Ikki gektar maydonni egallagan ushbu bog‘ 2011-yildan (1390-yil, hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha) boshlab 130 turga mansub 30 mingdan ortiq qushni to‘plagan. U Janubi-g‘arbiy Osiyodagi eng yirik qushlarni saqlash markazlaridan biri sifatida tanilgan.