Me’morchilik har qanday sivilizatsiyaning tashqi ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, uning chuqur qatlamlarida turli xalqlarning e’tiqodlari, urf-odatlari va ijodiy yondashuvlari izlarini ko‘rish mumkin. Tarix davomida me’morlar xalq ehtiyojlariga asoslangan binolarni barpo etish orqali o‘z bilimlarini kengaytirib, makonlarni loyihalash, qurilish materiallari va asbob-uskunalardan foydalanish borasida mahorat orttirganlar. Shu tariqa dunyoning turli hududlarida aynan o‘sha joyning iqlimi va madaniyatiga xos me’morchilik shakllari rivojlangan. Eron me’morchiligida ham mamlakat madaniyati va iqlimiga xos inshootlar, bezaklar hamda me’moriy tafsilotlarni uchratish mumkin. Ular orasida o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadigan «Eron bog‘i» eronliklarning tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbatining ramzi sifatida butun dunyo e’tiborini qozongan. Shu darajadaki, Eron bog‘larining ayrimlari Jahon merosi ro‘yxatiga ham kiritilgan. Ulardan biri — «Fin bog‘i» bo‘lib, u Eron xalqi xotirasida XIX asrning muhim va obro‘li siyosiy arboblaridan biri nomi bilan chambarchas bog‘liq.
Fin bog‘i qayerda joylashgan?
Fin bog‘i Isfahon viloyatining shimolida, Kashon shahri hududida joylashgan. Bog‘ning shuhrati shu darajadaki, u Kashon shahrining ramzi hisoblanadi. Ushbu shahar Markaziy Eronning Karkas tog‘lari va cho‘l hududlari oralig‘ida joylashgan. Aynan shu geografik xususiyati tufayli u atirgul yetishtirish uchun qulay maskan sanaladi. Eronda eng sifatli gulob — atirgul suvi Kashonda tayyorlanishi bilan mashhur. Kashonda aholi yashash tarixi «Sialk tepaliklari» mavjudligi asosida taxminan yetti ming yil avvalga borib taqaladi. Sialk tepaliklari Fin bog‘idan atigi bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan.
Fin bog‘ining tarixi
Ayrim mutaxassislarning fikricha, Fin bog‘i Safaviylar davrida, ya’ni XVI asrda barpo etilgan. Biroq boshqa tadqiqotchilar bog‘ning tashkil topish tarixini bundan ham avvalgi davrga taalluqli deb hisoblaydilar. Aniq ma’lum bo‘lgan jihat shuki, 1572-yilda Kashonning ko‘plab qismlariga katta zarar yetkazgan vayronkor zilziladan so‘ng Fin bog‘i ham jiddiy talafot ko‘rgan.
Aytishlaricha, ushbu davrdan keyin majmua eskirib, xarobaga aylangani sababli xalq orasida «Eski bog‘» deb atalgan. Ammo oradan bir muddat o‘tgach, Shoh Abbos I (1587–1629-yillarda hukmronlik qilgan) bog‘ni ta’mirlatib, o‘z xizmatlarini yodga solish maqsadida uning nomini «Yangi bog‘» deb o‘zgartirgan.
Rasm: Kashon shahridagi Fin bog‘ining markaziy ko‘shki.
Fin bog‘i — Amir Kabir o‘ldirilgan joy
Amir Kabir Nosiriddinshohning (1848–1896-yillarda hukmronlik qilgan) birinchi bosh vaziri bo‘lgan va bu lavozimda qariyb uch yil faoliyat yuritgan. Amir Kabirning faoliyati qisqa davom etganiga qaramay, uning islohotlari shu qadar keng qamrovli va samarali ediki, u Eron tarixidagi eng buyuk shaxslardan biri sifatida e’tirof etildi.
Bosh vazirlik faoliyatining oxirida Amir Kabir shohning yaqinlari va xorijiy davlatlar tomonidan uyushtirilgan fitnalar oqibatida Nosiriddinshohning g‘azabiga uchradi. Kashonga surgun qilinganidan so‘ng, 1852-yilda (hijriy-shamsiy 1230-yil) Fin hammomida o‘ldirildi.
Nosiriddinshoh Amir Kabirning o‘limidan keyin o‘z qilmishidan ko‘p bor pushaymon bo‘lganini bildirgan. Biroq bu voqea uning o‘ziga va Eron tarixiga yetkazgan zararni hech qachon qoplab bo‘lmas edi.
Fin bog‘ining me’morchiligi va xususiyatlari
Eronda «Fin» nomi bilan ataladigan ko‘plab hududlar mavjud. Taxminlarga ko‘ra, bu nom qadimda suvi mo‘l-ko‘l oqib turadigan joylarga nisbatan ishlatilgan. Fin bog‘ining aynan hozirgi joyda barpo etilishiga ham suvning mo‘l bo‘lgani sabab bo‘lgan. Hozirgi kunda ham Fin bog‘i va uning atrofidan «Sulaymoniya bulog‘i» deb ataladigan manbadan boshlanuvchi suv oqimi o‘tadi.
Fin bog‘i majmuasining hovlisida sarv va chinor daraxtlari ekilgan. Bog‘dagi yirik daraxtlar soni 500 tupdan oshadi. Ayrim daraxtlarning yoshi 450 yildan ortiq deb taxmin qilinadi.
Ba’zi mutaxassislar bog‘ loyihasining muallifi XIV–XV asrlarda yashagan mashhur matematik G‘iyosiddin Jamshid Koshoniy yoki XVI–XVII asrlarda yashagan olim va mohir me’mor Shayx Bahouddin bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladilar.
Fin bog‘ining betakror ko‘rinishlaridan biri — feruza rangli koshinlar bilan bezatilgan katta hovuzdir. Bog‘ning orqa tomonida yana bir suv havzasi qurilgan. Undagi suv sopol quvurlar orqali bog‘ favvoralariga yo‘naltiriladi.
Fin bog‘ining milliy va jahon miqyosida ro‘yxatga olinishi
Fin bog‘i 1935-yilda (hijriy-shamsiy 1314-yil) Eronning Milliy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu obidaning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi esa 2011-yilga (hijriy-shamsiy 1390-yil) to‘g‘ri keladi. O‘sha yili «Eron bog‘i» nomi ostida to‘qqizta tarixiy bog‘ YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatidan joy olgan.