Eron taomlari

Yazd qahvasi — Yazd marosimlariga ham kirib borgan ichimlik

Yazdliklar qahva tayyorlash va pishirishning o‘ziga xos usuliga ega. Bu usul «Yazd qahvasi» nomi bilan mashhur.

Qahva dunyoda keng tarqalgan va sevimli ichimliklardan biri, ammo Eronda choy ixlosmandlari qahva ichuvchilarga qaraganda ko‘proq! Shunga qaramay, ayrim hududlarda qahvaning o‘rni ancha muhim bo‘lib, u hatto o‘zining tarixiy ildizlari va madaniy ahamiyatiga ham ega. Yazd ana shunday hududlardan biri bo‘lib, bu yerda qahva tayyorlashning o‘ziga xos urf-odatlari va usullari mavjud.

Yazdda qahva

Qahva Yazdda, ehtimol, Qojarlar sulolasi davrida (XIX asrda) keng tarqala boshlagan. Biroq ayrimlar uning tarixini bundan to‘rt asr oldingi davrga borib taqaladi, deb hisoblaydi. Aftidan, yazdliklar dastlab qahvaning ta’mini unchalik xush ko‘rmaganlar. Shu sababli ular uni tayyorlashning o‘ziga xos usulini ishlab chiqib, o‘z didlariga mos ta’m yaratganlar. Vaqt o‘tishi bilan qahva tayyorlashning bu usuli keng tarqalib, qahva ixlosmandlari orasida Yazd nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan.

Agar Yazdga sayohat qilsangiz, bu yerdagi shirinliklarning xilma-xilligi sizni hayratda qoldiradi. Chunki yazdliklar shirin ta’mlarni juda yaxshi ko‘radilar. Ularning qahva tayyorlash usuliga kiritgan o‘zgarishi va natijada «Yazd qahvasi»ning paydo bo‘lishi ham aynan shu xususiyat bilan bog‘liq. Ular qahvaga shunchalik ko‘p shirinlik qo‘shganlarki, uning tabiiy achchiq ta’mi ancha kamayib, yazdliklarning shirin ta’mga bo‘lgan didiga moslashgan.

Bu usul shu qadar ommalashganki, qahva Yazdning ayrim motam marosimlari va diniy urf-odatlaridan ham o‘rin olgan. Shu sababli u «motam qahvasi» nomi bilan ham ataladi.

Qadimdan yazdliklar vafot etgan yaqinlarini xotirlash uchun ularning vafotidan keyingi uchinchi kuni marosim o‘tkazib, unda qahvani o‘zlariga xos usulda mehmonlarga tortadilar.

Qahvaning bunday marosimlarga kirib kelishi haqida turli talqinlar mavjud. Ayrimlar buni qahva tarkibidagi kofein va uning kishiga taskin beruvchi ta’siri bilan izohlaydilar. Boshqalar esa Yazd qahvasining shirinligi yaqin insonidan ayrilgan kishilarning qalbidagi qayg‘u va achchiq alamni biroz yengillashtiradi, deb hisoblaydilar. Yana bir guruh odamlar qahvaning qora rangini motam bilan bog‘laydilar, chunki Eronda qora rang qayg‘u va aza ramzi hisoblanadi.

Yazdliklarning Muharram oyidagi motam marosimlarida ham Yazd qahvasi tarqatiladi. U Imom Husayn (a.s.) motamining uchinchi kunida, shuningdek, Tasua va Ashuro kunlarida — Muharram oyining to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlarida — motam tutayotgan kishilarga ulashiladi.

Yazd qahvasini tayyorlash usuli

Yazd qahvasini asl va an’anaviy usulda tayyorlash uchun katta mis idish hamda yazd shevasida «kamchali» deb ataladigan katta cho‘mich tayyorlanadi.

Qahvani pishirish uchun issiqlik manbai sifatida ko‘mirdan foydalaniladi. Bunda, imkon qadar, qich daraxtining shoxlari yoki ko‘miridan foydalanish ma’qul ko‘riladi, chunki bu turdagi ko‘mir kul qoldirmaydi.

Nabot, kardamon va gulob ham Yazd qahvasini tayyorlashda ishlatiladigan boshqa masalliqlardir.

Yazd naboti Eronda mashhur, chunki yazdliklar nabot solingan choyni ko‘p ichadilar. Yazd naboti Yazd qahvasiga ham qo‘shilib, uni shirinlashtirish uchun ishlatiladi. Biroq ba’zan nabot o‘rniga oddiy shakardan ham foydalaniladi.

Yazdliklar qahvaga gulob ham qo‘shadilar. Yazd yaqinida Deh Bala nomli qishloq joylashgan bo‘lib, u o‘zining atirgul bog‘lari va gulobi bilan mashhur. Yazdliklarning fikricha, qahva o‘ziga xos va asl Yazd qahvasi hidiga ega bo‘lishi uchun unga Deh Balada tayyorlangan haqiqiy gulob qo‘shilishi kerak.

Yazd shahridagi ko‘plab restoranlar, choyxonalar, an’anaviy mehmonxonalar va ekoturistik maskanlar sayyohlarni Yazd qahvasi bilan mehmon qiladilar.

Yazd qahvasi finjonlarda emas, balki sirlangan sopoldan yasalgan kichik kosalarda tortiladi. Shu tariqa u nafaqat ta’mi, balki tortilish usuli bilan ham Yazdga xosligini namoyon etadi!

Yazd qahvasining Eron milliy merosi sifatida ro‘yxatga olinishi

Yazd qahvasini tayyorlashning o‘ziga xos texnikasi, mahalliy aholining didiga mos ravishda uning ta’miga kiritilgan o‘zgarishlar hamda bu qahvaning motam marosimlari va diniy urf-odatlardan o‘rin olgani sababli, 2017-yilda (1399-yilda) Yazd qahvasi Eronning nomoddiy madaniy merosi milliy ro‘yxatiga kiritildi.