Eron taomlari

Kachi — oilalar o‘rtasida hamjihatlik va mehr-oqibatni mustahkamlashga xizmat qiladigan o‘ziga xos urf-odatlarga ega taom

Kachi — o‘ziga xos odatlar asosida dasturxonga tortiladigan taomlardan biri. Bu urf-odatlar oilalar o‘rtasida hamjihatlik va mehr-oqibatni yanada mustahkamlash maqsadida shakllangan.

Taom va oziq-ovqat nafaqat insonning ehtiyojlarini qondirish vositasidir, balki ular orqali turli xalqlar va elatlarning kundalik hayotidagi yashirin jihatlarni ham anglash mumkin. Qadim zamonlardan buyon taomlar xalqlarning kundalik hayotida muhim o‘rin tutib kelgan. Bugungi kunda esa ular turli madaniyat vakillarining urf-odatlari va e’tiqodlarini yetkazishning samarali vositasi hisoblanadi. Shu sababli dunyoning turli mamlakatlarida ko‘plab taomlar muayyan shaharlar yoki davlatlar nomi bilan atalib, o‘sha madaniyatning timsoli sifatida taniladi.

Yangi ming yillikning boshlaridan turli madaniyatlarga mansub taomlarni ro‘yxatga olish va ularni meros sifatida saqlash borasida harakatlar boshlandi. Eronda ham turli elatlar va madaniyatlarga xos taomlar ro‘yxati shakllantirildi. Bu tashabbusning maqsadi ularni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishdan iborat.

Ana shunday taomlar orasida kachi ham bor. Bu mazali va to‘yimli quyuq taom Abuzaydobod shahrida juda mashhur.

Abuzaydobod qayerda joylashgan?

Abuzaydobod — Eronning Isfahon viloyati shimolida joylashgan, O‘ron va Bidgol shahristonining Kavirot tumani markazidir. Abuzaydobod shahri shahriston markazi bo‘lgan O‘ron va Bidgol shahridan taxminan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan. U Eronning cho‘l shaharlari qatoriga kiradi.

Abuzaydobodning mehmondo‘st aholisi har yili ko‘plab sayyohlarni kutib oladi. Ularning aksariyati Siyozge cho‘lini tomosha qilish, uning betakror va sokin tabiatidan bahramand bo‘lish uchun bu shaharga tashrif buyuradi.

Kachi va uning tarixi

Kachi — Abuzaydobodning qadimiy va mahalliy taomlaridan biri. U boshqa joylarda, hatto Koshon hamda O‘ron va Bidgol shahristonlariga qarashli qishloqlarda ham tayyorlanmaydi.

Bu taom, asosan, kuz va qish fasllarida iste’mol qilinadigan yengil tamaddi hisoblanadi. Kachini tayyorlash uchun o‘ziga xos masalliqlar va usul talab etiladi. Uni iste’mol qilish ham alohida urf-odatlar bilan bog‘liq.

Abuzaydobod aholisi kachini oila davrasida yoki jamoa bo‘lib iste’mol qiladi. Ularning fikricha, bu taomni do‘stlar va qarindoshlar bilan birgalikda yeyish uning ta’mini yanada mazali va yoqimli qiladi.

Kachi odatda dam olish kunlari tayyorlanadi. Chunki bu kunlarda oila a’zolari yoki do‘stlarning bir joyga yig‘ilishi osonroq bo‘ladi. Kachi ko‘pincha tushlikdan oldingi paytda — ertalabki nonushta bilan tushlik oralig‘ida, taxminan tushlikka ikki soat qolganda iste’mol qilinadi.

Kachi tayyorlash retsepti

Kachi tayyorlash uchun makkajo‘xori, bug‘doy, kashk (quritilgan qatiq mahsuloti), go‘sht (qiliye), piyoz va yog‘da qovurilgan yalpiz ishlatiladi.

Bu taomni tayyorlash uchun avval bug‘doy qo‘l tegirmonida yirik qilib maydalanadi. Bug‘doyni yirik maydalash deganda uni unga aylantirib yubormasdan, donalari bilinib turadigan holatga keltirish tushuniladi.

Kachi mis qozon yoki kastryulkada pishiriladi. Abuzaydobod aholisining barchasida gaz plitalaridan foydalanish imkoniyati bo‘lsa-da, ular bu taomni o‘tin yoqib pishirishni afzal ko‘radilar. Ularning fikricha, o‘tin taomga yanada mazali ta’m beradi.

Taomni tayyorlash uchun qozonning yarmigacha suv quyiladi. Suv qaynashi bilanoq unga maydalangan bug‘doy solinadi. Makkajo‘xori bug‘doyga qaraganda tezroq pishgani sababli, u bug‘doy pishgandan keyin qo‘shiladi. Oxirida aralashmaning quyuqligi me’yorida bo‘lishi uchun suvga biroz bug‘doy uni va makkajo‘xori uni solinadi.

Kachining pishishi va kerakli quyuqlikka kelishi uchun ikki-uch soat vaqt ketadi. Bu vaqtning katta qismi masalliqlarning qaynashiga sarflanadi. Shu vaqt davomida kachi uchun zarur bo‘lgan boshqa masalliqlar — yalpiz, kashk va qiliye ham tayyorlab qo‘yiladi.

Kachi tayyorlashda mahalliy qo‘y sutidan tayyorlangan kashk ishlatiladi. Kashkni ezish va eritish uchun «kashk-sob» deb ataladigan maxsus asbobdan foydalaniladi. Uning ichiga kashk va ozgina suv solinib, yaxshilab aralashtiriladi. Natijada kashk suvda to‘liq eriydi.

Qiliye — go‘shtning o‘z yog‘ida qovurib tayyorlanadigan mahsulot bo‘lib, unga boshqa yog‘ qo‘shilmaydi. Ilgari Abuzaydobod aholisi kuzning boshlarida go‘shtni shu usulda tayyorlab, maxsus sopol idishlarga solib qo‘yar edi. Bu usul go‘shtni uzoqroq vaqt saqlash va qishning oxirigacha undan qaynatma taomlar yoki kachi tayyorlashda foydalanish imkonini bergan.

Go‘shtni qiliye usulida tayyorlash ko‘p mehnat va vaqt talab qilgani sababli, ba’zan go‘sht oddiy usulda qovurilib, kachi tayyorlashda ishlatiladi.

Kachi uchun yana bir muhim masalliq — yog‘da qovurilgan yalpizdir. Uni tayyorlash uchun yalpiz yog‘da qovuriladi.

Kachi tayyor bo‘lgach, uni dumaloq shakldagi katta idishga soladilar. So‘ng o‘rtasiga suyultirilgan kashk, qiliye va yog‘da qovurilgan yalpiz joylashtiriladi. Keyin idish dasturxonning o‘rtasiga qo‘yiladi va har bir kishi undan o‘z kosasiga kerakli miqdorda solib oladi.

Kachining Eron milliy merosi sifatida ro‘yxatga olinishi

«An’anaviy kachi taomini tayyorlash usuli» 2021-yilda (1389-yilda) Eronning nomoddiy madaniy merosi milliy ro‘yxatiga kiritilgan.

Kachi shunchaki taom emas. Uni tayyorlash va dasturxonga tortish bilan bog‘liq urf-odatlar ham mavjud bo‘lib, ular oila a’zolari o‘rtasidagi hamjihatlik, yaqinlik va mehr-oqibatni mustahkamlashga xizmat qiladi.