Bojxona

Eron dasturxoni eronliklarning madaniyati va eʼtiqodlarining namoyishi

Ovqatlanish eronliklar uchun oddiy kundalik ish emas balki dasturxon odobida ko’rinib turganidek u chuqur madaniy va e’tiqodiy ildizlarga ega

Eronliklar odatda ovqatni oilaviy yig'inlarda iste'mol qiladilar va ovqatlanayotganda yerda, dasturxon atrofida o'tirishadi. Dasturxon — bu mato yoki shunga o'xshash materiallardan tayyorlangan to'shama bo'lib, uning ustiga ovqat idishlari qo'yiladi. Eronliklar dasturxonga katta hurmat bilan qarashadi va dasturxonga keladigan ovqat halol va qonuniy yo'l bilan ta'minlangan bo'lishi kerak, deb hisoblashadi, shunda hayotga baraka kirib keladi. Dasturxonning eronliklar orasidagi ahamiyati shunchalik kattaki, uning izlarini Navro'z kabi ko'plab milliy tantanalarda ko'rish mumkin... Dasturxonning eronliklar orasidagi madaniy o'rni ularning umumiy e'tiqodlari va urf-odatlarining yorqin namoyishidir. Bu madaniy element bilan tanishish hatto Eron madaniyati haqida hech qanday ma'lumotga ega bo'lmaganlar uchun ham qiziqarli va ibratlidir.

Eronliklar nazarida dasturxon va ovqat

Eronliklar ovqatlanishni faqat tananing ehtiyojlarini qondirish yo'li deb hisoblamaydilar; balki ular orasida ovqatlanish va dasturxon atrofida yig'ilish oila a'zolari yoki do'stlar davrasi o'rtasida mehrli birgalikda yashash va suhbatlashish uchun bahonadir. Ba'zi madaniyatshunoslar eronliklarning dasturxondagi bugungi odob-axloqining ildizlarini qadimgi davrlarga bog'laydilar va Eron turmush tarzi o'sha davrdan to hozirgacha o'zining eng to'liq shaklini ovqatlanishda namoyon qilgan deb hisoblaydilar. Qadimgi eronliklar ovqatlanayotganda sukut saqlash kerak deb hisoblashgan, chunki haddan tashqari ko'p gapirish odobsizlik belgisidir. Shuning uchun ular faqat zarurat bo'lganda, og'zi bo'sh holda gapirishgan. Bu odat hozir ham Eron xalqi orasida mavjud.

Eron oilalari, hatto ovqat tayyor bo'lsa ham, kattalarni kutishadi va birgalikda dasturxonda ovqatlanishadi. Bu oila a'zolarining kattalarga hurmatining belgisidir. Odamlar dasturxonga kelganda, ularning butun diqqati ovqatga qaratilishi kerak va ovqat tugamasdan dasturxondan turish yoki mobil telefon bilan gaplashish kabi ishlar odobsizlik hisoblanadi... Dasturxonda bo'lgan kishi sekin-asta ovqatlanishi va shoshilishdan saqlanishi kerak. Dasturxonda kattalardan biri ovqat tortish uchun mas'ul bo'lishi yoki har kim o'zi uchun ovqat olishi mumkin. Har qanday holatda ham har kim ovqatlanishni boshlashdan oldin o'zi xohlagancha ovqatni oldiga qo'yishi kerak, bu isrofdan saqlanish uchun. Isrofdan saqlanish ovqatlanish borasidagi eng muhim diniy odoblardan biri ham hisoblanadi. Poklikka rioya qilish, ya'ni ovqatdan oldin va keyin qo'llarni yuvish, ovqatlanish paytida yana bir diniy tavsiyadir. Dasturxonda bo'lganlar o'zlarining ovqatlanishi dasturxonning ifloslanishiga olib kelmasligi uchun azami ehtiyotkorlik qilishlari kerak. Islom dinining peshvolari tavsiyalarida aytilganidek, eronliklar ovqatlanishni Alloh taologa shukr qilish bilan birga olib boradilar. Mutaxassislarning fikricha, bu odat ham qadimgi davrlarda ildiz otgan va Islom Eronga kirib kelganidan keyin diniy rahbarlarning ko'rsatmalari bilan mustahkamlangan.

Eronliklarning mehmonlar uchun mo'l-ko'l dasturxoni

Ortiqcha ovqatlanishdan saqlanish — bu dasturxonning yana bir odobi bo'lib, ayniqsa islom manbalarida unga urg'u berilgan. Og'ir, haddan tashqari yog'li va ko'p ziravorli ovqatlarni iste'mol qilish eronliklar orasida unchalik mashhur emas. Biroq ular mezbon rolida paydo bo'lganda, bu tamoyillarning barchasini chetga surib, mehmonini eng yaxshi tarzda kutib olishga harakat qiladilar. Eronliklarning mehmonga hurmati va u uchun eng yaxshi dasturxonni tayyorlashga intilishi eronliklarni dunyoda mehmondo'stligi bilan mashhur qilgan. Eronliklar o'z dasturxonida bo'lgan mehmonni juda hurmatli deb biladilar. Ba'zan mehmon o'z didiga mos ovqat tanlashda qiynalmasligi uchun unga bir necha xil ovqat tayyorlab beradilar. Mezbon dasturxonga birinchi bo'lib o'tiradigan va undan oxirgi bo'lib turadigan kishidir, shunda mehmon ovqatdan foydalanishga uyalmasin! Eronliklar agar mehmon dasturxonga kelib to'liq to'ymasa, unga nisbatan mehmondo'stlik odatini bajarmagan deb hisoblaydilar, shuning uchun mehmonni dasturxondagi ovqatni yeyishga qayta-qayta taklif qiladilar! Faqat mehmon ovqatni yeb yaxshi to'ygandan keyingina ovqatdan keyingi ziyofatlar vaqti keladi! Shuning uchun agar siz Eron dasturxonining mehmoni bo'lsangiz, albatta o'zingizni juda mo'l-ko'l bir ziyofatga tayyorlang!

Eron dasturxoni — bir san'at asari!

Dasturxonning go'zalligi eronliklar uchun katta ahamiyatga ega. Odatda dasturxon yozilganda, tuzlangan va achchiq-tuzlangan sabzavotlar, ko'katlar, salat, qatiq va ichimliklar kabi bir necha xil boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ham dasturxonda bo'ladi. Albatta, bu mahsulotlardan foydalanish faqat go'zallik uchun emas; ularning har biri ovqat turiga mos ravishda uning ta'mini to'ldirishi yoki ovqat hazm bo'lishiga yordam berishi mumkin. Hatto dasturxonning o'zi ham naqsh va bezaklar bilan tanlanadi, shunda u o'z ichidagi ovqatlarning ranglari bilan yanada jozibali uyg'unlik yaratishi mumkin.