• Sep 23 2026 - 11:11
  • 3
  • : 1 minute(s)

Tehronda “O‘zbekiston madaniyati” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman: “Me’roji ob” she’riy to‘plamining taqdimoti

EKO madaniyat institutida O‘zbekiston madaniyati va sivilizatsiyasini tanishtirishga bag‘ishlangan anjuman diplomatlar, universitet professor-o‘qituvchilari va madaniyat tadqiqotchilari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Anjumanda Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy va adabiy aloqalar muhokama qilinib, Ja’far Muhammad Termiziy qalamiga mansub fors tilidagi “Me’roji ob” she’riy to‘plami taqdim etildi.

photo_5307821812941004046_w

EKO madaniyat instituti xabariga ko‘ra, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (EKO) a’zo mamlakatlarni tanishtirishga bag‘ishlangan turkum uchrashuvlarning uchinchisi O‘zbekiston Respublikasiga bag‘ishlanib, 2026-yil 23-sentabr, chorshanba kuni O‘zbekiston Respublikasining Erondagi elchixonasi hamkorligida Tehrondagi EKO madaniyat instituti binosida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qozog‘iston va Qirg‘iziston respublikalarining elchilari, bir qator diplomatlar va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar hamda ilmiy va madaniy soha faollari ishtirok etdilar. Tadbirning maqsadi O‘zbekistonning tarixiy, adabiy va san’at sohalaridagi boy merosini tanishtirish, ushbu mamlakatning mintaqa bilan azaliy sivilizatsiyaviy aloqalarini o‘rganish hamda EKOga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Anjumanning ilmiy qismida Eron Madaniyat va islomiy aloqalar tashkilotining Eronshunoslik va fors tili bo‘limi madaniyat eksperti doktor Sayyid Javod Jaloliy Kiyasariy Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy hamda madaniy aloqalar haqida ma’ruza qildi. U Rudakiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Amir Alisher Navoiy kabi siymolarni mintaqaning mushtarak madaniy merosi namoyandalari sifatida tilga olib, ularning ilmiy va adabiy merosi xalqlarni yaqinlashtirishda hamon muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Shuningdek, Toshkent xalqaro texnologiyalar va fanlar universiteti (ISFT) gumanitar va tabiiy fanlar kafedrasi professori Ja’far Muhammad Termiziy O‘zbekistonda fors adabiyotining tarixiy ildizlari va uning zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlarini tahlil qildi. Ushbu qismda fors tili va adabiyotining O‘zbekiston madaniy hayotidagi davomiy o‘rni hamda uning mintaqaviy madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir dasturining davomi sifatida shoir va yozuvchi, o‘zbekistonlik Ja’far Muhammad Termiziyning “Me’roji ob” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Fors tilida yozilgan ushbu she’riy to‘plam g‘azallar, nimoyiy she’rlar, erkin va oq she’rlarni o‘z ichiga oladi. Kitob Tehronda “Orinzamin” nashriyoti tomonidan chop etilgan bo‘lib, 212 sahifadan iborat.

Mazkur anjuman va o‘zbekistonlik shoir tomonidan fors tilida yaratilgan asar taqdimoti O‘zbekiston zamonaviy adabiy salohiyatini tanishtirish hamda mintaqa xalqlari o‘rtasidagi til va madaniyat aloqalarini qayta kashf etish uchun muhim imkoniyat yaratdi. Bunday tadbirlar olimlar, adabiyotshunoslar va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, EKOga a’zo mamlakatlar o‘rtasida madaniy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qiladi.

photo_5307821812941004049_y photo_5307821812941004047_w

.