BuxDU va Eronning Imom Rizo xalqaro universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Buxoro davlat universiteti va Eronning Imom Rizo xalqaro universiteti o‘rtasidagi uchrashuv Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Madaniyat vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Uchrashuv yakunida tomonlar besh yillik akademik hamkorlik memorandumini imzoladilar.
Buxoro davlat universitetida Eron Islom Respublikasining Mashhad shahrida joylashgan Imom Rizo xalqaro universiteti delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Madaniyat vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Xamidov Imom Rizo xalqaro universiteti rektori, doktor Ebrahim Daneshifar hamda universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori, doktor Ebrahim Davoudi Sharifabadni qabul qildi.
Uchrashuv davomida BuxDU rektori mehmonlarga universitetning ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, zamonaviy infratuzilmasi, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Muloqotda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajriba almashish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma bakalavriat va magistratura ta’lim dasturlarini tashkil etish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro ilmiy nashrlar tayyorlash, seminar va konferensiyalar o‘tkazish hamda Erasmus+ dasturi doirasidagi loyihalarda birgalikda ishtirok etish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvning muhim natijasi sifatida Buxoro davlat universiteti va Imom Rizo xalqaro universiteti o‘rtasida 5 yil muddatga mo‘ljallangan akademik hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum (MoU) imzolandi. Mazkur hujjat ikki universitet o‘rtasidagi ilmiy va akademik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Ushbu hamkorlik Buxoro davlat universitetining xalqaro akademik maydondagi faoliyatini kengaytirish, ilmiy salohiyatini mustahkamlash hamda ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar integratsiyasini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.