Insoniyat tarixi davomida qimmatbaho buyumlarni saqlash zarurati odamlarni turli choralar izlashga va ijodkorlikka undagan. Bu izlanishlar natijasida qimmatbaho buyumlarga kirish imkoniyatini cheklaydigan himoya vositalari paydo bo‘lgan. Shu bois qulfsozlik sanoatining tarixini juda qadimiy deb hisoblash va uni inson aqli hamda ijtimoiy hayoti tarixi bilan tengdosh deb bilish mumkin.
Eronda qulfsozlik tarixi
Ayrim mutaxassislarning fikricha, insonlar yasagan ilk qulf aslida tugunlar bo‘lgan. Ularni har kim ham yecha olmagan. Vaqt o‘tishi bilan yanada yaxshi qulflar yasash uchun yog‘ochdan foydalanila boshlangan. Miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikda Janubi-g‘arbiy Osiyoda yog‘och qulflar yasalgan. Eronda ham qulflardan foydalanish tarixi miloddan avvalgi taxminan 1800-yillarga borib taqaladi.
Koshon shahridagi Siyalk tepaligida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida to‘rtta alohida bo‘lakdan iborat va ularni bir-biriga biriktirib turuvchi mahkamlagichga ega tosh bilaguzuk topilgan. Shush shahridagi Chog‘onzabil hududidan ham miloddan avvalgi 1300-yilga oid qulf topilgan. Taxti Jamshid muzeyida saqlanayotgan Ardasher III maqbarasining tosh eshigida diametri olti santimetr bo‘lgan teshik mavjud. Ehtimol, bu teshik kalitni kiritish va eshik tambasining dastasini siljitish uchun mo‘ljallangan bo‘lgan.
Eronda katta eshiklarni qulflash uchun «kalun» deb ataladigan moslamadan foydalanilgan. Sandiq va kichik qutilar kabi buyumlarda esa metallardan yasalgan, o‘z joyiga mahkamlangan qulflar ishlatilgan. Eronda topilgan eng qadimgi mahkam qulf Sosoniylar davriga (milodiy III–VII asrlar) tegishli. Shuningdek, mamlakatdagi arxeologik qazishmalar davomida milodiy I–III asrlarda yasalgan bronza kalit ham topilgan. Ushbu kalitning yunon va rim kalitlariga o‘xshashligi Eronda va Yevropada qulfsozlik mahorati bir vaqtning o‘zida shakllanganini ko‘rsatadi.
Eronga Islom kirib kelganidan bir necha asr o‘tgach, tasvirli qulflar keng tarqaldi. Ularda ko‘pincha hayvonlar tasviridan foydalanilgan. Bunday qulflar Saljuqiylar davrida (1037–1194-yillar) sezilarli darajada ko‘paygan. Keyingi asrlarda yuz bergan ayrim o‘zgarishlar an’anaviy qulfsozlikka o‘zgacha tus berdi. Birinchidan, Safaviylar sulolasining hokimiyatga kelishi san’atning ravnaq topishiga, shu jumladan, qulfsozlikning rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Ikkinchidan, yevropalik sayyohlarning Eronga kelishi natijasida mahalliy san’atkorlar va hunarmandlar Yevropa san’ati hamda hunarmandchilik usullari bilan tanishdilar. Uchinchidan, po‘latdan foydalanish yangi naqsh va shakllarni yaratish imkoniyatlarini kengaytirdi.
An’anaviy qulflarning xususiyatlari va turlari
Qulfsoz ustalar imkon qadar yuqori darajadagi xavfsizlikni ta’minlash uchun doimo yangi usul va texnikalarni qo‘llashga intilganlar. Bu esa qulf yasashni tarix davomida rivojlanib boradigan, murakkab hunar turiga aylantirdi. Natijada kam sonli ustalargina bu hunarning barcha sir-asrorlarini o‘zlashtira olgan. Masalan, an’anaviy usulda yasalgan ayrim qulflar faqat qulfsozning o‘zi loyihalagan kalit bilan ochiladi. Bunday kalitsiz qulfni ochib bo‘lmaydi.
Umuman olganda, Eronda yasaladigan an’anaviy qulflarni ikki asosiy turga ajratish mumkin: «eshik qulflari» va «temir qulflar». Temir qulflar temirdan tashqari jez, bronza va mis kabi metallardan ham yasaladi, biroq ularni tayyorlashda eng ko‘p po‘lat ishlatiladi. Temir qulflar eshik qulflariga qaraganda xilma-xilroq va murakkabroq bo‘ladi. Ular kodli yoki kalitli shaklda tayyorlanadi. Shuningdek, ularni yasashda sher, sigir, ot, kiyik, yovvoyi cho‘chqa va tog‘ echkisi kabi hayvonlar yoki afsonaviy mavjudotlar shaklidan foydalanilishi mumkin.
An’anaviy qulflarni tayyorlashda hozir ham qisqich, egov, bolg‘a va parma kabi oddiy qo‘l asboblari ishlatiladi. Erondagi an’anaviy qulfsozlikning diqqatga sazovor jihatlaridan biri temirchilik ustaxonalaridagi metall chiqindilari va ortib qolgan materiallardan foydalanishdir.
An’anaviy Eron qulflarini tayyorlash jarayonida dastlab temir tunuka va simlar kerakli o‘lchamlarda kesiladi. Ulardan qulf korpusi va ichki qismlari yasaladi. Tunuka bukilib, choklari birlashtirilgach, ichki qismlar egovlanadi va qulf turiga mos ravishda korpus ichiga joylashtiriladi.
Eronning qaysi shaharlarida an’anaviy qulfsozlik rivojlangan?
Hozirgi davrda sanoat usulida ishlab chiqariladigan qulflar keng tarqalgan. Shunga qaramay, Eronda an’anaviy qulflar yasash hunari turli shaharlarda, asosan, badiiy va bezak san’ati sifatida davom etmoqda. Ularni tayyorlashda qo‘llanadigan yangicha yechimlar ushbu qulflarga alohida qiziqish uyg‘otadi. Bundan tashqari, ular qimmatbaho buyumlarni himoya qilish vazifasini hamon bajara oladi.
Hozirgi kunda an’anaviy qulf yasash hunari Eronning Yazd viloyatidagi Abarkuh, Qazvin, Hamadon, Loreston viloyatidagi Borujerd, Alborz viloyatidagi Tolqon va Savojbuloq hamda Isfahon viloyatidagi Najafobod kabi shaharlarda Eronning milliy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, Eronning ko‘plab viloyat va shaharlarida, jumladan, Chahor Mahal va Baxtiyoriy viloyatida ham an’anaviy qulflarni yasash va ta’mirlash bilan shug‘ullanadigan ustalar bor.
Ushbu hunar ustalari orasida Qazvin shahrida an’anaviy usulda qulf yasaydigan «Hasan Kukabiy»ning nomi alohida e’tiborga loyiq. 2019-yilda (1398-hijriy shamsiy yilda) uning faoliyati Eronning nomoddiy merosi ro‘yxatiga insoniyatning tirik merosi sifatida kiritilgan.