Ta’ziya yoki shabihxonlik — odatda Imom Husayn va u zotning Karbaloda shahid bo‘lgan ulug‘vor safdoshlari bilan bog‘liq voqealarni hikoya qilish va sahnalashtirishga qaratilgan marosimiy tomosha san’atidir. Ta’ziya o‘tkazish qadimiy tarixiy ildizlarga ega. Bugungi kunda ham u ko‘plab hududlarda, ayniqsa, Muharram va Safar oylarida, qadimdan davom etib kelayotgan an’ana sifatida har yili o‘tkaziladi.
Eronning qadimiy hududlaridan biri bo‘lgan Yazd viloyati Imom Husayn motami bilan bog‘liq urf-odatlari va marosimlari bilan mashhur. Shu sababli u ta’ziya marosimlari o‘tkaziladigan muhim markazlardan biri hisoblanadi. Ushbu viloyatning turli shahar va qishloqlaridagi diniy markazlar hamda motam jamoalarida ko‘plab ta’ziya tomoshalari namoyish etiladi. Ular orasida Tut qishlog‘i har yili o‘tkaziladigan maxsus ta’ziya marosimi bilan alohida tanilgan.
Tut qishlog‘i Ardakan shahristoniga qarashli bo‘lib, Ardakan shahridan 60 kilometr sharqda joylashgan. Aytishlaricha, qishloqning bunday nomlanishiga uning hududida ko‘plab tut daraxtlari mavjudligi sabab bo‘lgan.
Tut qishlog‘idagi ta’ziya: xususiyatlari va o‘tkazilish tartibi
Ta’ziya ijrosining aniq qachon boshlanganligi ma’lum emas. Ayrim tarixchilar uning ildizlarini islomdan avvalgi davrlarga bog‘laydilar. Boshqa tadqiqotchilar esa ta’ziyani shialarning Imom Husayn va Karbalo shahidlari xotirasiga bag‘ishlangan dastlabki motam marosimlarining rivojlangan shakli deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, Eronda dastlabki ta’ziya tomoshalari Buwayhiylar sulolasi hukmronligi davrida, ya’ni milodiy X asrda shakllangan.
Ushbu san’at Qojarlar sulolasi davrida o‘zining eng yuqori rivojlanish bosqichiga yetib, katta e’tibor qozongan. Keyinchalik Pahlaviylar sulolasi hokimiyatga kelgach, Rizo Shoh (1925–1941-yillarda hukmronlik qilgan) diniy marosimlarni yo‘q qilishga qaratilgan ko‘plab choralarni ko‘rdi. Biroq uning hokimiyati ag‘darilganidan so‘ng ta’ziya yana qayta jonlandi.
Bugungi kunda ta’ziya o‘tkazilish uslubi, musiqa asboblaridan foydalanish va ijrochilarning rollarni talqin etish usullari jihatidan o‘tmishdagidan ayrim farqlarga ega. Shunga qaramay, bu marosim xalq orasida hanuz katta qiziqish va e’tibor bilan kutib olinadi.
Tut qishlog‘ida bugungi kunda ham an’anaviy uslubda o‘tkaziladigan ta’ziya tomoshalarining tarixi 100 yildan oshadi. Qishloq aholisi ushbu marosimning qadimiyligini tasdiqlash uchun hijriy-qamariy 1126-yilda (milodiy 1714-yilda) yozilgan vaqfnomaga ishora qiladi.
Mahalliy aholining aytishicha, Rizo Shoh barcha turdagi motam marosimlarini o‘tkazishni taqiqlagan va bunday tadbirlarga qarshi keskin choralar ko‘rgan davrda ham qishloqda ta’ziya tomoshalari o‘tkazilgan. Ushbu an’ana bugungi kungacha biror yil ham uzluksiz davom etmay qolmagan.
Tut qishlog‘idagi ta’ziya Safar oyining so‘nggi o‘n kunligida besh kun davomida o‘tkaziladi. Ushbu tadbir kunlari minglab odamlar kichik qishloqqa kelib, «Ardakanning Tut qishlog‘i Husayniyasi»da namoyish etiladigan bir nechta ta’ziya tomoshalarini tomosha qiladilar.
Atrofdagi qishloqlardan keladigan ayrim kishilar bu yerga piyoda yetib keladilar. Ular bunday yo‘l bosish oxiratda savob va mukofotga sabab bo‘lishiga ishonadilar.
Safar oyining so‘nggi kunlarida qishloqda ta’ziya tomoshalaridan tashqari, naxl ko‘tarish marosimi ham o‘tkaziladi. Marosim, odatda, chovushxonlik bilan boshlanadi. Shundan so‘ng ko‘krakka urish va marsiyalar aytish marosimlari o‘tkaziladi. Keyingi bosqichda naxl ko‘tarish yoki alam ko‘tarib yurish marosimi bajariladi, yakunda esa ta’ziya tomoshasi namoyish etiladi.
Tut qishlog‘idagi ta’ziya marosimida qatnashadigan ijrochilar va tashkilotchilarning aksariyati bu an’anada oilaviy tarzda ishtirok etib kelgan. Ular marosimni o‘tkazish vazifasini otalaridan meros qilib olganlar. Aynan shu xususiyat Tut qishlog‘i ta’ziyasining o‘ziga xosligini saqlab qolishiga va uning hanuz an’anaviy uslubda o‘tkazilishiga yordam bergan.
An’anaga ko‘ra, marosimni tashkil etish har kecha qishloqdagi urug‘-aymoqlardan biriga topshiriladi. Ta’ziya davomida motam ishtirokchilariga aholining nazr va ehsonlari hisobidan tayyorlangan taomlar hamda ichimliklar tarqatiladi. Govzabon o‘simligidan tayyorlangan sharbat ushbu marosimning mazali va mashhur ichimliklaridan biridir.
Tut qishlog‘i ta’ziyasining milliy miqyosda ro‘yxatga olinishi
Tut qishlog‘ida ta’ziya o‘tkazish an’anasi 2009-yilda (1388-yil, hijriy-shamsiy taqvimi bo‘yicha) Eronning Milliy nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga 53-raqam bilan kiritilgan.1