Mashhurlar

Hamza Ilxoniyzoda va uning Eron milliy sport turi bo‘lgan chavgon rivoji yo‘lidagi sa’y harakatlari

Chavgon sportini asl eroniy sport turi sifatida qadrlagan shaxslar orasida Hamza Ilxoniyzodaning nomi alohida o‘rin tutadi

 

Chavgon asl eroniy sport turidir. Mutaxassislar chavgon tarixini miloddan avvalgi birinchi ming yillikka taqaladi deb hisoblaydilar. Ularning fikricha ushbu sport turi ot minish mahoratini va otlarning jismoniy chiniqqanligini oshirgani sababli hukmdorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va rivojlangan. Keyinchalik bu sport turi boshqa mamlakatlarga ham tarqalgan. Eronda ushbu sport turi ayniqsa bayramlarda hikoyachilik an’anasi naqqollik va musiqa jo‘rligida ijro etilgan. Chavgon maydonining chetlarida esa nog‘ora surnay va karnay sadolari yangrab turgan. O‘tmishdan asosan miniatyura shaklida saqlanib qolgan rasmlarda chavgon sportiga oid ko‘plab tasvirlarni uchratish mumkin. Ularda surnay va nog‘ora kabi cholg‘u asboblarini chalayotgan sozandalar ham tasvirlangan. Shu bois chavgonni quvnoq sport turi deb ta’riflash mumkin.

Eron jamiyatida chavgon musobaqalari shu qadar jiddiy ahamiyatga ega bo‘lganki hukmdorlar va taniqli shaxslar ularni tomosha qilish uchun shaxsan tashrif buyurganlar. Buning sababi chavgon alohida ijtimoiy va madaniy qadriyatni o‘zida mujassam etganidir. Shunga qaramay bu sport turi asta-sekin Eron jamiyatidagi o‘z mavqeini yo‘qotdi va unga yetarlicha e’tibor berilmadi. So‘nggi bir necha o‘n yillikda chavgon sportini qayta tiklash va uni keng jamoatchilikka tanitish uchun ko‘plab sa’y-harakatlar amalga oshirildi. Bu harakatlar ayniqsa 2002-yildan (hijriy-shamsiy 1381-yil) so‘ng Oliy Rahbarning chavgon sportiga ko‘proq sarmoya kiritish va uning mavqeini yuksaltirishga alohida urg‘u berishi bilan yanada kuchaydi. O‘sha yili chavgon sportining ot sportidan ajratilishi natijasida Eron sport federatsiyalari qatorida yangi federatsiya tashkil etildi. Nihoyat YUNESKOga taqdim etish uchun hujjatlar to‘plami tayyorlanishi natijasida «Chavgon musiqa va hikoyachilik jo‘rligida otda o‘ynaladigan o‘yin» 2015-yilda (hijriy-shamsiy 1394-yil) jahon miqyosida ro‘yxatga olindi. Bu jarayonda ayrim shaxslar chavgonning madaniy va tarixiy o‘rnini tanitish hamda uning ahamiyatini ta’kidlash uchun katta sa’y-harakatlar qildilar. Hamza Ilxoniyzoda ana shunday shaxslardan biri bo‘lib uning chavgon sohasidagi faoliyati tufayli nomi 2018-yilda (hijriy-shamsiy 1397-yil) Eronning «Tirik insoniyat xazinalari» ro‘yxatiga kiritildi.

 

Hamza Ilxoniyzoda bolaligi va sportga kirib kelishi

Hamza Ilxoniyzoda ko‘chmanchi oilada dunyoga kelgan. Uning tug‘ilgan joyi Eronning g‘arbida joylashgan Bukan shahri yaqinidagi Hamamiyon nomli qishloq edi. Ilxoniyzoda o‘z oilasini Eronni sevuvchi hamda Eron madaniyati va adabiyotiga mehr qo‘ygan oila sifatida ta’riflaydi. Uning fikricha oilasining adabiyotga bo‘lgan muhabbati u bilan fors madaniyati va adabiyoti o‘rtasida chuqur bog‘liqlik paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Shu darajadaki u bolaligidayoq Hofiz she’rlarini yod olgan. U bolalik va o‘smirlik davrida chavgon bilan tanishgan va hatto o‘qishni davom ettirish uchun Tehronga ko‘chib kelganidan keyin ham bu sport turini tark etmagan. Sanoat sohasida ham faoliyat yuritgan Ilxoniyzoda 2002-yilda Eron Islom Respublikasi Chavgon federatsiyasi tashkil etilganidan boshlab uning prezidenti etib saylangan va 15 yil davomida ushbu lavozimni egallab kelgan. Aynan uning federatsiyaga raislik qilgan davrida chavgon bo‘yicha hujjatlar YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan.

U chavgon o‘ynashdan olinadigan zavqni barcha sport turlari orasida beqiyos deb biladi va quyidagicha ta’kidlaydi: «Chavgon Vatanimiz va kelajak avlodlarimiz uchun qadriyatdir va uni asrab-avaylashimiz kerak. Biroq ayrim qarashlar bu sport turini salbiy qadriyat sifatida ko‘rsatishga urindi... Bu mamlakatda uning madaniyatini qayta jonlantirish uchun doimo oldinga chiqqan fidoyilar bo‘lgan. Imkoniyat tug‘ilgan har bir paytda ana shu insonlarning ko‘magida chavgon haqidagi fikrlarimizni bayon qilardik. Nihoyat chetga surilgan himoyasiz va e’tibordan chetda qolgan chavgonni barchaga tanitdik hamda uni jahon miqyosida ushbu zamin nomidan ro‘yxatga kiritishga muvaffaq bo‘ldik». U chavgonning Eron nomidan ro‘yxatga kiritilishini katta yutuq deb biladi va chavgonni tarixiy badiiy madaniy hamda adabiy unsurlar majmuasi sifatida ta’riflaydi.

Isfahon shahridagi Imom maydonini (Naqshi Jahon) yana chavgon musobaqalari o‘tkaziladigan maydonga aylantirish Ilxoniyzodaning maqsadlari va orzularidan biridir. Ushbu maydon dastlab chavgon musobaqalarini o‘tkazish uchun qurilgan bo‘lib ushbu o‘yinda foydalanilgan darvozalarning qoldiqlari hanuzgacha saqlanib qolgan. Rivoyat qilinishicha Safaviylar shohlari chavgon musobaqalari o‘tkazilayotgan paytda o‘z oilalari bilan birga Ali Qapu saroyida bo‘lib o‘yinlarni tomosha qilganlar.