Muharram oyidagi motam marosimlarini Erondagi eng yirik diniy-ritual tadbir deb hisoblash mumkin. Eron aholisi Muharram oyi (hijriy-qamariy taqvimning birinchi oyi) boshlanishidan bir necha kun oldin Imom Husayn va uning safdoshlari xotirasiga motam marosimlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Ushbu marosimlar har yili Eronning barcha hududlarida o‘tkazilib, eronliklarning ulug‘ shahidga bo‘lgan chuqur ehtiromini namoyon etadi.
Bu motam marosimlarini o‘tkazish usullari asrlar davomida shakllanib, Eron xalqining diniy marosimlar madaniyatining bir qismiga aylangan. Natijada Eronning turli hududlarida aholining madaniyati va e’tiqodiga mos maxsus marosimlar vujudga kelgan va ular yillar davomida o‘z hayotiyligini saqlab qolgan.
Bu borada Yazd Eronning eng muhim shaharlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda har yili Muharram motam marosimlari o‘ziga xos urf-odat va an’analar asosida o‘tkaziladi. Yazddagi Muharram marosimlarining o‘ziga xos jihatlaridan biri marsiya aytish uslubidir. Ushbu uslubning shakllanishi Husayn Saodatmand nomi bilan bog‘lanadi. Saodatmand yazdlik mashhur marsiyaxon bo‘lib, o‘z ijrolarida qahramonlik ruhi va motam ohanglarini uyg‘unlashtirgan.
Muharram motam marosimlarida marsiyaxonlarning o‘rni
Muharram oyidagi motam marosimlari, odatda, ikki qismdan iborat bo‘ladi: birinchisi — ma’ruza, ikkinchisi esa — marsiya aytish va musibatlarni yodga olish. Motam marosimlarida ma’ruza qiluvchilar, odatda, diniy ulamolar bo‘lib, ular o‘z nutqlarida axloqiy saboqlar, diniy masalalar, islom tarixidagi voqealar va Imom Husaynning shahid etilishi haqida so‘z yuritadilar.
Marsiyaxonlar esa rovza va nava shaklida she’rlar o‘qib, Ashuro kuni Imom Husayn va uning safdoshlariga yetkazilgan musibatlarni yodga oladilar. Shu orqali ular motam tutayotganlar orasida jo‘shqinlik va hayajon uyg‘otadilar. Marsiya ijrolarida, odatda, she’rlar ohang bilan aytiladi, motam ishtirokchilari esa marsiya ritmiga mos ravishda ko‘ksilariga urib, motam tutadilar.
Barcha motam marosimlarining maqsadi Husayn ibn Alining haq va adolat uchun kurashini ulug‘lashdan iborat. Bu marosimlar ishtirokchilarga doimo Imom Husayn yo‘lidan borish va zulm qarshisida hatto jonlari evaziga ham bosh egmaslik kerakligini eslatadi.
Husayn Saodatmand kim bo‘lgan?
Husayn Saodatmand 1951-yilda (1330-hijriy-shamsiy yilda) Yazd shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Ali Akbar Yazdning Fahodon mahallasida Husayn ahli xizmatkorlaridan biri bo‘lib, turli diniy marosimlarda motam ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatgan.
Saodatmand bolaligidan marsiya va motam marosimlari muhitida ulg‘aygan. Yoshligida marsiyaxonlik bilan bir qatorda Eron musiqasini ham o‘rgangan. Hatto 1980-yillarda musiqiy albom ham chiqargan. U rasman 1980-yilda (1359-hijriy-shamsiy yilda) Yazdning Fahodon mahallasidagi diniy hay’atda marsiyaxon sifatida faoliyat boshlagan.
Ko‘p yillik marsiyaxonlik faoliyati davomida Husayn Saodatmand ko‘plab marsiyalarni ijro etgan. Ularning aksariyati Eron xalqi xotirasida abadiy saqlanib qolgan. Bir muddat kasallik bilan kurashganidan so‘ng, u 2014-yilda (1393-hijriy-shamsiy yilda) vafot etgan.
Husayn Saodatmandning marsiya ijro etish uslubi
Saodatmand marsiyalar uchun she’r tanlashda so‘zlarning soddaligi va ravonligiga katta e’tibor bergan. U Ahl ul-baytning fazilatlari va Karbalo musibatlarini sodda tilda bayon etish kerak, deb hisoblagan, chunki bunday usul tinglovchilarga eng kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Saodatmandning Eron an’anaviy musiqasidagi turli vokal uslublari va musiqiy dastgohlarga puxta egaligi marsiyalarni, ayniqsa, ovozning eng yuqori pardalarida ijro etishda unga katta muvaffaqiyat keltirgan. U so‘zlarni ifodali aytish, deklamatsiya va ovozning ko‘tarilishi hamda pasayishini boshqarish mahoratiga ega bo‘lgan.
Saodatmandning marsiyalaridagi kuylar Eronning an’anaviy dastgoh musiqasi asosida yaratilgan. Uning marsiya ijrolarida Eron an’anaviy ashulachiligiga xos «daromad», «avj» va «furod» qismlarini yaqqol kuzatish mumkin. Bugungi kunda yosh yazdlik marsiyaxonlar Saodatmanddan namuna olib, Eron an’anaviy ashulachiligini o‘rganishga ham marsiyaxonlikning muhim talablaridan biri sifatida qaramoqdalar.
Yangi kuy va ohanglardan foydalanish, marsiyalarda motam ishtirokchilarining jamoaviy kuylash imkoniyatlarini ishga solish hamda ijro davomida turli ritmlarni uyg‘unlashtirish Saodatmandning marsiyaxonlikda yuksak muvaffaqiyatga erishishiga yordam bergan omillardan edi.
Saodatmand marsiya ijrosining ko‘p javobli uslubini yaratgan ijodkor sifatida tanilgan. Bu uslubda motam ishtirokchilari she’r mazmuni va tuzilishiga mos ravishda turli ritmlarda marsiyaxonga jo‘r bo‘lib kuylaydilar.
Saodatmand yazdlik mashhur marsiyaxon sifatida tanilgan bo‘lsa-da, uning uslubiga ergashadigan marsiyaxonlar butun Eron bo‘ylab ko‘plab uchraydi.
Husayn Saodatmandning marsiya ijro etish uslubining milliy meros sifatida ro‘yxatga olinishi
Marhum Husayn Saodatmandning Eron marsiyaxonlik san’atiga kiritgan yangiliklari va ushbu sohaga qo‘shgan hissasini inobatga olib, «Marhum ustoz Husayn Saodatmand uslubida marsiya aytish» nomli meros 2020-yilda Eronning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.