Universitet

Fan va madaniyat universiteti taʼlim va tadqiqotning yagona akademik markazda uygʻunligi

Fan va madaniyat universiteti qoshida ko’plab ilmiy-tadqiqot institutlarining mavjudligi bu universitetning asosiy va betakror afzalliklaridan biri hisoblanadi.

Akademik ta'lim, madaniyat va tadqiqot markazi (Jahod-e Donishgohi) Ironning madaniy va tadqiqot tashkilotlaridan biri bo'lib, unga ilmiy tadqiqotlar va madaniy faoliyat sohasida vazifalar belgilangan. Fan va madaniyat universiteti ushbu tashkilot rahbarligida faoliyat yuritadi va uning maqsadlariga erishish uchun zarur bo'lgan mutaxassis kadrlarni tayyorlash vazifasini o'z zimmasiga oladi.

Fan va madaniyat universitetining tarixi va ta'lim faoliyati

Jahod-e Donishgohining notijorat ta'lim instituti 1993-yilda (1372 hijriy quyosh yili) tashkil etilgan. Keyingi yillarda o'zining ta'lim va tadqiqot faoliyatini kengaytirib, bu institut universitet maqomiga ko'tarilishga muvaffaq bo'ldi.

Hozirgi vaqtda (2023-yil) bu universitetda oltita fakultet — «Huquq», «Texnika va muhandislik», «San'at va arxitektura», «Gumanitar fanlar», «Turizm fanlari» va «Zamonaviy biologik fanlar va texnologiyalar» — faoliyat yuritadi. 800 dan ortiq professor-o'qituvchilar, ulardan 120 nafari universitetning to'la vaqtli ilmiy kengashi a'zolari hisoblanadi, 91 ta ta'lim yo'nalishi va mutaxassisligi (olti yo'nalish va mutaxassislik doktorantura bosqichida, 53 yo'nalish va mutaxassislik magistratura bosqichida va 32 yo'nalish va mutaxassislik bakalavriat bosqichida) bo'yicha fanlarni taxminan 9 ming nafar talabaga o'qitadilar.

Bu universitet talabalarining ilmiy talabalar olimpiadalarida yuqori o'rinlarni egallashi uning ta'lim va ilmiy faoliyatining yuqori darajasidan dalolatdir. Bu universitetga kirgan talabalar Yumshoq fanlar va texnologiyalar hamda madaniy industriyalar milliy bog'ida, Biznesni rivojlantirish fondida va Fan va madaniyatning turizmni barqaror rivojlantirish institutida mavjud bo'lgan ta'lim va tadqiqot imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin. Bu markazlarda qatnashish talabalarning g'oyalarini amaliyotga tatbiq etish yo'lida munosib sur'atda ilgarilashiga olib keladi.

Fan va madaniyat universitetining tadqiqot va tadbirkorlik faoliyati

Jahod-e Donishgohi rahbarligidagi 21 ta ilmiy-tadqiqot instituti va oltita ilmiy markazning faoliyati Fan va madaniyat universiteti uchun alohida tadqiqot imkoniyatini yaratdi, shunday qilib bu markazlar bilan yaqin aloqani Fan va madaniyat universitetining alohida afzalligi deb hisoblash mumkin. Bu universitetning ushbu markazlar bilan bevosita hamkorligi uning ta'lim standartlarini sifat jihatidan yaxshilash omillaridan biri hisoblanadi.

«Yumshoq fanlar va texnologiyalar hamda madaniy industriyalar milliy bog'i»ni tashkil etish bilan Fan va madaniyat universiteti Ironning madaniyat, san'at va hunarmandchilik sohasidagi yagona ixtisoslashgan bog'iga egalik qiluvchi hisoblanadi. Badiiy dizayn, moda va kiyim-kechak, hunarmandchilik va turizm bu ixtisoslashgan bog'da tadqiq qilinadigan mavzulardir. «Turizmni barqaror rivojlantirish» instituti ham bu sohada birinchi akademik nodavlat tashkilot sifatida faoliyat yuritadi.

Universitetning Biznesni rivojlantirish fondi tadbirkorlik uchun asos va infratuzilmalarni yaratish maqsadida tashkil etilgan. Aslida bu fond professor-o'qituvchilar va talabalar ishtirokida ish va g'oyalar yadrolarini shakllantirish orqali ularni ijodiy kompaniyalarga aylantirish jarayonini osonlashtiradi va oxir-oqibat bu kompaniyalarni Yumshoq fanlar va texnologiyalar hamda madaniy industriyalar milliy bog'iga taqdim etadi. «Ixtisoslashtirilgan ta'lim» deb nomlangan markaz bu fond rahbarligida faoliyat yuritadi va talabalarga tadbirkorlik, malaka oshirish va bandlik yaratishda yordam berish vazifasini o'z zimmasiga oladi.

Fan va madaniyat universitetining xalqaro faoliyati

Fan va madaniyat universiteti o'zining faol ilmiy-tadqiqot institutlaridan foydalanib, Ironning innovatsion universitetlaridan biri sifatida tan olinishga muvaffaq bo'ldi. 2022-yilda Ironning innovatsion universiteti unvoni ketma-ket uchinchi yil bu universitetga berildi.

Fan va madaniyat universiteti turli mamlakatlarning ilmiy va tadqiqot markazlari bilan keng aloqalarga ega. Bu aloqalar qo'shma ta'lim kurslari va turli ilmiy uchrashuvlar o'tkazilishiga olib keldi. Malayziyaning UPM va USM universitetlari, Angliyaning WARWICK va SHEFFIELD, Shvetsiyaning MALARDALEN, Avstriyaning IMC, Armanistonning EUA, Avstriyaning MODUL va Kanadaning UCW universiteti Fan va madaniyat universiteti bilan o'zaro anglashuv memorandumlarini imzolagan va u bilan ilmiy hamkorlik qilayotgan markazlardandir. Bu memorandumlarga asosan, Fan va madaniyat universiteti tomonidan tavsiya etilgan eng yaxshi talabalarga ta'lim stipendiyalarini taqdim etish imkoniyati yaratildi.

2023-yilda universitetning Xalqaro kollejida bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida 93 nafar ironlik bo'lmagan talaba tahsil oldi. Bu kollejning ta'limi qisqa muddatli va uzoq muddatli ta'lim kurslari shaklida ingliz tilida taqdim etiladi. Universitet rahbariyatining ma'lumotlariga ko'ra, keyingi yillarda Fan va madaniyat universitetida ironlik bo'lmagan talabalarni qabul qilish quvvatini oshirish uchun choralar ko'riladi.