adabiyot

Rab’i Rashidiy vaqfnomasi — ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashga oid 700 yillik hujjat

Rab’i Rashidiy vaqfnomasida ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan vaqf mulklarining keng ro‘yxati hamda ulardan olinadigan daromadlarni sarflash tartibi bayon etilgan.

Rab’i Rashidiy vaqfnomasi nafaqat qimmatli tarixiy yodgorlik, balki Eron xalqining ilm-fan va bilimga bo‘lgan qiziqishining yorqin ifodasi ham hisoblanadi. To‘liq nomi «Al-vaqfiyya ar-Rashidiyya bi-xatt al-voqif fi bayon sharoit umuri-l-vaqf va-l-masorif» bo‘lgan ushbu vaqfnoma Xoja Rashididdin Fazlulloh Hamadoniy tomonidan o‘z qo‘li bilan yozilgan bo‘lib, Ilxoniylar davridan (1256–1356-yillar) meros bo‘lib qolgan.

Xoja Rashididdin va uning Rab’i Rashidiyni tashkil etishdagi roli

XIII asrda mo‘g‘ullar Eron va uning atrofidagi ayrim hududlarni egallab olgach, o‘z davlatlari markazini Eronning g‘arbiy hududlariga ko‘chirdilar. Vaqt o‘tishi bilan mo‘g‘ullar Eron madaniyati bilan tanishib, unga mehr qo‘ya boshladilar. Hatto ular eronlik amaldorlarni davlat boshqaruviga jalb etish orqali ushbu madaniyatning rivojlanishiga ko‘maklashishga harakat qildilar. Xoja Rashididdin Fazlulloh ham mo‘g‘ullar saroyida xizmatga tayinlangan vazirlardan biri edi. U yuksak fazilat va bilim sohibi bo‘lib, tabib va olim sifatida tanilgan.

Xoja Hamadonda tug‘ilgan. Uning otasi taniqli tabib bo‘lgan va unga tibbiyot sohasidagi dastlabki bilimlarni bergan. Aytishlaricha, Xoja dastlab yahudiylik diniga e’tiqod qilgan, biroq umrining o‘rtalarida musulmon bo‘lgan va Islomni qabul qilganidan so‘ng ham ilmiy faoliyatini davom ettirgan.

Xoja dastlab tabib sifatida Ilxoniylar saroyiga kirib kelgan, biroq asta-sekin davlat boshqaruvi ishlarida katta ta’sirga ega bo‘lgan va nihoyat, 1311-yilda (hijriy 711-yilda) vazirlik lavozimiga tayinlangan. Xoja Rashididdin 1317-yilda (hijriy 717-yilda) vazirlikdan chetlatilgan va shu yilning o‘zida fitna natijasida o‘ldirilgan. Xojaning tug‘ilgan sanasi aniq ma’lum bo‘lmasa-da, ayrim manbalarga ko‘ra, u vafot etganida 71 yoshda bo‘lgan.

Xoja Rashididdin o‘zidan ko‘plab qimmatli asarlarni meros qilib qoldirgan. Ular orasida uning eng muhim asari hisoblangan «Jome’ ut-tavorix» alohida o‘rin tutadi. Ushbu kitobda jahon tarixi, turkiy xalqlarning afsona va e’tiqodlari, Odam Atodan so‘nggi payg‘ambargacha bo‘lgan payg‘ambarlar tarixi hamda xalqlar geografiyasi haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Rab’i Rashidiyni tashkil etish uning vazirlik davridagi eng muhim faoliyatlaridan biri bo‘lgan. Xoja Rashididdin vafotidan keyin Rab’i Rashidiy talon-toroj qilinib, vayron etilgan. Bugungi kunda ushbu qimmatli yodgorlikning qoldiqlari Tabriz shahrining shimolida, Surxob tog‘i yonbag‘rida saqlanib qolgan.

Rab’i Rashidiy vaqfnomasining mazmuni

Rab’i Rashidiy ilmiy-ma’rifiy shaharcha bo‘lib, unda turli millatlarga mansub olimlar faoliyat yuritgan. Ushbu shaharchada ulkan kutubxona hamda maktab, masjid, yetimlar uyi, hammom, mehmonxona, shifoxona va sanoat ustaxonalari kabi ko‘plab inshootlar mavjud bo‘lgan.

Bunday ulkan majmuani boshqarish katta xarajatlarni talab qilgan. Shu sababli Xoja Rashididdin vaqfnoma tuzib, ushbu xarajatlarni qoplash uchun bir qator mol-mulklarini vaqf qilgan. Xoja Rashididdin bu mol-mulklarni vazirlik davrida turli shaharlarda qo‘lga kiritgan edi.

Hozirgi kunda ushbu vaqf mulklarining ayrimlari Iroq, Suriya va Turkiya hududlarida joylashgan. Shuningdek, Eron hududining bugungi ma’muriy taqsimotiga ko‘ra, Xoja Rashididdinning vaqf mulklari mamlakatning sakkizta viloyatida joylashgan.

Vaqfnoma ko‘plab tafsilotlarni o‘z ichiga olgan hisob-kitob daftariga o‘xshaydi. Unda har bir vaqf mulkining xususiyatlari va undan olinadigan daromadlarning sarflanish yo‘nalishlari ko‘rsatilgan. Xoja Rashididdin ushbu mol-mulklarni vaqf qilishdan ko‘zlagan maqsadi sifatida «ilm al-adyon va ilm al-abdon», ya’ni diniy ilmlar va tibbiyotning rivojlanishiga ko‘maklashishni qayd etgan.

Rab’i Rashidiy vaqfnomasining jahon miqyosida ro‘yxatga olinishi

Rab’i Rashidiy vaqfnomasining saqlanib qolgan nusxasi 36 × 27 santimetr o‘lchamga ega. Ushbu nusxa 382 sahifadan iborat bo‘lib, 33-sahifasi va oxirgi sahifasi tazhib san’ati bilan bezatilgan. Vaqfnomaning so‘nggi sahifasida tazhib bilan ishlangan uchta quyosh shaklidagi bezak — shamse tasvirlangan.

Vaqfnomaning muqovasi charmdan tayyorlangan, matnni yozishda esa suls xatidan foydalanilgan. Ushbu nusxa Xoja Rashididdin Fazlullohning o‘z qo‘li bilan yozilgan bo‘lib, Tabriz markaziy kutubxonasida saqlanadi.

Ushbu bebaho meros 1969-yilgacha (1348-hijriy-shamsiy yilgacha) xususiy mulkdor tasarrufida bo‘lgan. 1969-yilda u mulkdordan sotib olinib, uni tegishli tarzda saqlash va kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida kutubxonaga topshirilgan.

1971-yilda (1350-hijriy-shamsiy yilda) Rab’i Rashidiy vaqfnomasining turli sahifalaridan suratlar tayyorlanib, kitob shaklida nashr etilgan. 2007-yilda (1386-hijriy-shamsiy yilda) Eron Milliy kutubxonasi tashkiloti tomonidan ushbu vaqfnoma YUNESKOga taqdim etilgan va shu yilning o‘zida YUNESKOning «Jahon xotirasi» xalqaro reyestriga kiritilgan.